Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mahalliy yangi paxta navlarini yaratish ishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Ilmiy markazlarda 56 ta mahalliy navni xorijiy navlar bilan seleksiya qilish asosida paxta urug‘chiligini rivojlantirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda Genomika va Paxtachilik ilmiy institutlariga fitotron va issiqxona qurib beriladi.
Paxta yetishtirish uchun birja orqali mineral o‘g‘it va yoqilg‘ini 10–15 foiz arzon narxda yetkazib berish amaliyoti kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Bu fermerlarning xarajatlarini qisqartirish va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlar uchun alohida reyting shakllantiriladi. Kamida 10 yildan beri faoliyat yuritayotgan, kredit, lizing va soliq bo‘yicha muddati o‘tgan qarzi bo‘lmagan fermerlar reytingda yuqori o‘rinlarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Reytingning yuqori pog‘onasida turgan fermerlarga Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan beriladigan imtiyozli kredit stavkalari yanada pasaytiriladi: paxta uchun 8 foiz, g‘alla uchun esa 10 foiz qilib belgilanadi. Bu choralar samarali ishlayotgan fermerlarni qo‘llab-quvvatlash va sohada raqobatbardoshlikni oshirishni ko‘zda tutadi.











