Pensiya jamg‘armasi direktori Murod Otajonovning ma’lum qilishicha, amalda pensiya hisoblashda oylik ish haqining maksimal hisobga olinadigan qismi 6 million so‘m bilan cheklangan. Shu sababli, oyligi 15 million so‘m bo‘lgan xodim ham eng yuqori pensiya sifatida taxminan 3,3 million so‘m oladi. Yangi taklifga ko‘ra, ushbu cheklovni oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, yangi ixtiyoriy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, xodim o‘z oylik maoshining 5 foizini ixtiyoriy ravishda pensiya jamg‘armasiga yo‘naltirsa, davlat ushbu mablag‘ning yana 50 foizini qo‘shib beradi. Masalan, oyligi 7 million so‘m bo‘lgan xodim amaldagi tizimda 20 yilda taxminan 5 million so‘m jamg‘arsa, yangi tizimda bu ko‘rsatkich 126 million so‘mga yetishi mumkin.

Takliflar orasida pensiya hisoblash tartibini ham o‘zgartirish nazarda tutilgan. Pensiya miqdori oxirgi 10 yildagi istalgan 5 yillik ish haqi asosida emas, balki 20 yillik mehnat faoliyati davomidagi ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblanishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, «Mening pensiyam» mobil ilovasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Yangi ilova orqali fuqarolar mehnat staji, ish haqi, to‘langan ijtimoiy soliqlar hamda jamg‘arilgan pensiya mablag‘larini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.