Futbol bo‘yicha jahon chempionati yakunlanishi bilanoq FIFA milliy jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi.
O‘zbekiston milliy jamoasi yangilangan reytingda 10 pog‘ona pastlab, 1409.73 ochko bilan 60-o‘rindan joy oldi.
Reytingni ikkinchi marta jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Ispaniya milliy jamoasi boshqarmoqda. Ispaniyaliklarning o‘tgan oydagi ochkolariga 121.17 ochko qo‘shilib, jami ochkolari 1995.88 taga yetdi.
Jahon chempionati finalida ispanlardan mag‘lubiyatga uchragan Argentina milliy jamoasi ikkinchi o‘ringa tushdi. Jamoaning ochkolari soni 1970.37 tani tashkil etmoqda.
Fransiya 3-o‘rinda (1948.97 ochko), Angliya 4-o‘rinda (1922.83 ochko) qoldi.
Eng yaxshi o‘sish Norvegiya milliy jamoasida bo‘ldi (1651.29 ochko). Stole Solbakken shogirdlari birdaniga 12 pog‘ona yuqorilab, 31-o‘rindan 19-o‘ringa ko‘tarildi.
Jahon chempionatida muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan Osiyo jamoalari orasida faqatgina Yaponiya bir pog‘ona yuqorilab, 17-o‘ringa joylashdi. Eron ikki pog‘ona pastlagan bo‘lsa (22-o‘rin), Avstraliya bir pog‘ona pastlab 28-o‘ringa tushgan. Janubiy Koreya esa naqd 7 pog‘ona pastlab, 32-o‘rindan joy oldi.
Reytingda qo‘shnilarimiz Tojikiston 101-, Qirg‘iziston 106-, Qozog‘iston 111- va Turkmaniston 141-o‘rinda joylashdi.











