Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida notariuslikka talabgorlar uchun majburiy o‘quv kurslarini tashkil etish tartibi belgilanadi. Loyihaga ko‘ra, nizom 2026 yil 1 apreldan kuchga kiradi.
Nizom loyihasiga ko‘ra:
- notariuslikka talabgorlar institut bilan shartnoma asosida 72 soatlik maxsus o‘quv kurslarida ta’lim oladi;
- o‘quv kurslari institutda ochiq shaklda yoki masofaviy tarzda o‘tkazilishi mumkin;
- kurs yakunida tinglovchilarning bilimi suhbat shaklidagi sinov imtihoni orqali 100 balli tizimda baholanadi;
- imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga sertifikat beriladi;
- imtihondan o‘tolmaganlarga qayta topshirish imkoniyati bepul taqdim etiladi;
- natijalardan norozi bo‘lgan tinglovchilar apellyatsiya komissiyasiga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
O‘quv dasturlari notariat, fuqarolik huquqi, vorislik huquqi, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda notarial harakatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi.










