– Biz elektr energiyasi generatsiyasi yo‘nalishidagi islohotlarimiz natijasida sohaga xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etishda katta tajriba orttirdik. Joriy yildan nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni iste’molchilarga yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini qo‘llashni boshladik, – dedi prezident.
Ma’lum qilinganidek, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha Turkiyaning Aksa elektrik kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgan. Loyiha doirasida ushbu kompaniya:
tarmoqni operatsion boshqaruvga oladi;
zarur investitsiya kiritadi;
elektr tarmoqlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qiladi;
yo‘qotishlarni ikki barobarga kamaytirishni ta’minlaydi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, shunday choralar natijasida har yili o‘rtacha 20 million dollar miqdorida iqtisod qilinishini ta’minlash mumkin bo‘ladi.
Prezident ta’kidlaganiday, bunday davlat-xususiy sheriklik tajribasi kelgusida boshqa hududlarda ham qo‘llanadi. Jumladan, kelgusi yilda – Jizzax va Sirdaryo viloyatlari, 2027 yilda – Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etiladi.
Bu esa elektr ta’minoti sifatini oshirish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va sohada samaradorlikni ko‘tarishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida qayd etildi.











