Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda ayrim O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Qozog‘iston hududida davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinish holatlari qayd etilgan. Qozog‘iston vakolatli idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur shaxslar qo‘lga olingan va Jinoyat kodeksining 392- va 394-moddalari bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, joriy yil sentabr oyidan Qozog‘istonda chegara buzilishi holatlari uchun jazo choralari yanada kuchaytirilgani, xususan, uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangani qayd etilgan.
Aqtaudagi Bosh konsulxona tomonidan ta’kidlanishicha, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish yoki bu harakatga urinishning o‘zi ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Murojaatda O‘zbekiston fuqarolariga quyidagilarga amal qilish tavsiya etilgan:
- davlat chegarasidan o‘tish tartibini qat’iy saqlash;
- noqonuniy “aylanma yo‘llar” yoki “oson o‘tish yo‘llarini” taklif qilayotgan shaxslarga ishonmaslik;
- qonunga zid sxemalarda ishtirok etmaslik.
Bosh konsulxona fuqarolar xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida chegara qoidalarini buzmaslik har bir shaxsning shaxsiy mas’uliyati ekanini eslatdi.











