Yo‘riqnomaga asosan, bojxona qiymati deklaratsiyasi elektron shaklda yoki qog‘ozda to‘ldiriladi. Deklaratsiyadagi ma’lumotlar to‘g‘riligi elektron shaklda — deklaratsiyalovchi shaxsning elektron raqamli imzosi (ERI), qog‘oz shaklida esa shaxsiy imzosi bilan tasdiqlanadi.
Bojxona qiymati deklaratsiyasi 2 ta asosiy varaqdan iborat:
- 1-varaq — deklaratsiyalanayotgan barcha tovarlarga taalluqli umumiy ma’lumotlar;
- 2-varaq — tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashda foydalanilgan ma’lumotlar hamda qiymat miqdorining hisob-kitoblari.
Deklaratsiya taqdim etilgandan so‘ng, bojxona organi mansabdor shaxsi uning to‘g‘ri to‘ldirilganligini, shuningdek, tovarning e’lon qilingan bojxona qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligini dastlabki tarzda tekshiradi.
Agar dastlabki tekshiruv natijasida kamchiliklar aniqlansa, ularni bartaraf etish maqsadida bojxona organi mansabdori deklaratsiyalovchi shaxsni darhol xabardor qiladi. Kamchiliklar bo‘lmasa, bojxona qiymati deklaratsiyasi rasmiylashtirish uchun qabul qilinadi.
Mazkur tartib eksport amaliyotlarini shaffoflashtirish, bojxona qiymatini to‘g‘ri belgilash va bojxona rasmiylashtiruvi samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.











