TRAFFIC International bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan mazkur deklaratsiya va harakatlar rejasi mintaqaning bioxilma-xilligiga tahdid solayotgan omillar — yashash joylarining yo‘qolishi, iqlim o‘zgarishi, brakonerlik va yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosini birgalikda hal qilishga davlatlarning sodiqligini aks ettiradi.

Hujjatda milliy atrof-muhit, bojxona, huquqni muhofaza qilish va sud idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ishchi guruhlarni tuzish, axborot almashinuvini yaxshilash va zamonaviy monitoring texnologiyalarini joriy etish nazarda tutilgan.

Mintaqaviy hamkorlik muhim ma’lumotlarni muntazam almashish, qo‘shma nazorat mexanizmlarini ishlab chiqish, noqonuniy savdoga qarshi kurashish uchun mintaqaviy tarmoq yaratish, shuningdek, chegara hududlarida muvofiqlashtirilgan harakatlarni yo‘lga qo‘yish orqali yanada kuchaytiriladi.

Shu bilan birga, mamlakatlar yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish, ekotizimlarni tiklash, noyob turlarni muhofaza qilish, mutaxassislar malakasini oshirish, ekoturizmni rivojlantirish va mahalliy jamoalarni tabiatni muhofaza qilish tashabbuslariga keng jalb qilishni o‘z ichiga olgan, barqaror iqtisodiy yechimlarni qo‘llab-quvvatlovchi yagona strategik asosni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib oldi.

Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaning noyob tabiiy merosini asrash, ekologik barqarorlik, ijtimoiy integratsiya va iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash yo‘lida hamjihatlikda harakat qilishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.