Abxaziyaning Qindig‘ qishlog‘idagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida uch nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi, bir kishi tibbiyot muassasasiga yetkazildi.

«Qindig‘ qishlog‘iga yetmasdan yo‘lning tekis qismida «Kraysler» avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib qo‘ydi. Oqibatda daraxt bilan to‘qnashuv sodir bo‘ldi», deb xabar berdi YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Aslan Bazba.

«Uch kishi halok bo‘ldi, bir kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazildi. Ular buloqdan Suxum tomon yo‘l olgan, barchasi O‘zbekiston fuqarolari», deb ta’kidladi Bazba.

Xabarda o‘zbekistonliklarning ismi-sharifi keltirilmagan.

Abxaziya - Janubiy Kavkazdagi Qora dengizning sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan mintaqa. Poytaxti – Suxum. Gurjiston Abxaziyani Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan o‘z hududi deb biladi. Abxaziya o‘zini mustaqil davlat deb hisoblaydi (qisman tan olingan – sanoqli davlatlar uning mustaqilligini tan olgan). Xalqaro hamjamiyatning aksariyat qismi Abxaziyani Gurjistonning bir qismi deb biladi.