Yig‘ilishda tibbiyot xodimlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator qarorlar e’lon qilindi. Prezident ta’kidlaganidek, tibbiyot xodimining oilasiga va shaxsiy rivojlanishiga ko‘proq vaqt ajratishi uning kasbiy mahorati, ish sifat-unumiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi.
Shu munosabat bilan barcha turdagi davlat xizmatlari to‘lovi tibbiyot xodimlari uchun 2 baravarga kamaytiriladi, bu islohotni moliyalashtirish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
2025 yil 1 apreldan davlat tibbiyot muassasalarida ish haftasi 6 kundan 5 kunga o‘tkaziladi, oylik maosh to‘liq saqlanadi.
Jizzax tog‘laridagi eng sog‘lom iqlimli hududda tibbiyot xodimlari uchun alohida dam olish maskani taqdim etiladi.
Prezident: «Agar tibbiyot xodimi oilasi va farzandlariga ko‘proq vaqt ajratsa, o‘z ustida chuqurroq ishlasa, shaxsiy rivojlanish va kasbiga muhabbat, eng muhimi, ishdagi sifat va unum ortadi», — deb ta’kidladi.
Kutilishicha, ushbu choralar kadrlar barqarorligini oshiradi, xizmat sifati hamda bemorlar bilan muloqot madaniyatini yanada yuqori pog‘onaga ko‘taradi.











