Prezident ta’kidladiki, mamlakatda o‘rtacha umr davomiyligi sezilarli oshdi: erkaklar orasida — 71 yoshdan 73 yoshga, xotin-qizlar orasida — 76 yoshdan 77,5 yoshga.
«Albatta, mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lgan bunday ezgu ishlarimizda 600 mingdan ziyod jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasi bor. Ularga qancha minnatdorlik bildirsak, arziydi», — dedi davlat rahbari.
Tantana doirasida prezident mamlakatning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan soha vakillariga mukofotlarni topshirdi. Mukofotlanganlar orasida dunyo nufuzli oliygohlarida ta’lim va tajriba orttirib, yurtimizga qaytib kelgan va yuqori texnologiyali muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar ham bor.
Shuningdek, davlat rahbari aholi salomatligini saqlashda yaqindan ko‘mak berib kelayotgan xorijiy hamkorlarga alohida hurmat-ehtiromini izhor etdi.











