IMV Origin zavodda faqat 70 foizgacha tayyorlanadi. Qolgan qismini esa xaridor o‘zi to‘ldiradi: xohlasa pikap, xohlasa kichik furgon yoki hatto mikroavtobusga aylantiradi. Toyota bunday g‘oya orqali har bir foydalanuvchiga o‘z ehtiyojiga mos mashinani yaratish imkonini bermoqchi.

Mashina oddiy va ochiq dizaynga ega — bitta o‘rindiqli kabina, eshik va oynalarsiz, orqa tomoni esa yassi platforma bo‘lib, turli yuklar yoki moslamalarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan.

Toyota bu modelni Afrikaning uzoq va notekis hududlari uchun ishlab chiqmoqda. Chunki bu joylarda yo‘llar yomon, ehtiyot qismlar topish qiyin va elektr zaryad stansiyalari deyarli yo‘q. Shu sababli IMV Origin benzin yoki dizel dvigatel bilan chiqishi kutilmoqda.

Toyota bundan avval Woven City loyihasini ham taqdim etgan edi — bu sun’iy intellekt va robotlar boshqaradigan “aqlli shahar”. Endi esa IMV Origin orqali kompaniya kelajak texnologiyasini oddiy odamlar hayotiga yaqinlashtirmoqda.