Olloyorov ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda 900 mingdan ortiq tug‘uruq qayd etilgan, poliklinikalarda ayollarga 133 ming tug‘uruq varaqasi ochilgan. Shuning 115 mingdan ortig‘i budjet tashkilotlari, 15 mingdan ortig‘i esa xususiy sektor xodimlariga to‘g‘ri kelgan. Vaholanki, xususiy sektorda har yili 150–160 ming ayol farzand ko‘radi.

2026 yildan xususiy sektorda ishlayotgan ayollar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladi. Nafaqa miqdori xodimning ish staji, daromadi va ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqqa qarab belgilanadi.

Xususiy sektorning yollanma xodimlari kasal bo‘lib qolgan taqdirda daromadini sug‘urta orqali saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Taqdim etilgan sxemaga ko‘ra:

  • ilk 2 kun — xodimning o‘zi hisobidan (kasallik varaqasisiz);
  • keyingi 5 kun — ish beruvchi hisobidan;
  • 6-kundan 26 haftagacha — Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan.

Har yili o‘rtacha 1,6–1,7 mln kasallik varaqasi rasmiylashtiriladi (taqriban 1,2–1,3 mln xodim). Shularning 650 ming nafari budjet tizimi vakillari, qolgani — xususiy sektor xodimlari. Yangiliklar mehnat bozorida rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, tadbirkor va xodim manfaatlarini muvozanatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.