Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator raisi AQSh Moliya vazirligi tomonidan Rossiyaning «Lukoyl» va «Rosneft» kompaniyalariga qarshi kiritilgan sanksiyalarning O‘zbekistonga ehtimoliy ta’siri haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Har qanday sanksiya qo‘llangandan keyin odatda boshqa uchinchi davlatlarga ta’sir qilmaydigan sharoit yaratish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi. Aminmanki, bu ham xuddi shunday amalga oshiriladi va yuqori ta’siri bo‘lmasligi kerak. Banklarimiz amaliyotlarida aynan shu sanksiyadagi tovarlar, tashkilotlar hamda banklar bilan ishlamaslik bo‘yicha qat’iy pozitsiyamizni aytyapmiz, aytib kelganmiz. Banklarning ikkilamchi sanksiyalarga tushish masalasiga juda jiddiy qaraladi... Shunday qat’iy pozitsiya bironta bankning sanksiyalarga tushmasligiga olib keldi. Bu yo‘nalishda qat’iylikni davom ettiramiz», dedi Ishmetov.
Avvalroq, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 19-paket sanksiyalari doirasida Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi bir nechta banklar «qora ro‘yxat»ga kiritilgandi.











