Energetika vazirligining bildirishicha, mavsumda iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilgan holda tizimli ishlar tashkil qilinadi.
Energetika vazirligi va tizim korxonalarida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida 24/7 rejimida navbatchilik tashkil etilgan.
Elektr ta’minoti bo‘yicha:
Joriy yilning o‘tgan davrida mamlakat bo‘ylab 7 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 1 731 ta transformator punkti yangilangan.
Joriy yil yoz mavsumida respublikaning elektr energiya iste’moli soatiga 13,3 gigavatt, ya’ni kuniga 270-275 million kVt•soat bo‘lgan bo‘lsa, qish mavsumida soatiga 13,5 gigavatt, kuniga esa 290-300 million kVt·soatgacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
O‘tgan yili 81,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025 yil yakuni bilan 85,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
2025 yil yakuni bilan umumiy quvvati 3 000 megavattdan ortiq bo‘lgan quyosh va shamol, 1 167 megavatt quvvatli issiqlik elektr stansiyalari, 1 500 megavattdan ortiq energiya saqlash tizimlari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Gaz ta’minoti bo‘yicha:
538 km uzunlikdagi yuqori va o‘rta bosimli gaz tarmoqlari va 951 ta gaz taqsimlash punktlari yangilangan, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan.
Joriy yil boshidan 464 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Yil yakuniga qadar yana 199 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, respublikaning barcha hududlarida suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun qo‘shimcha 29 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlari zaxirasi yaratildi.
Hududlarda avariyaviy holatlarning oldini olish va ularni tezkor bartaraf etish uchun maxsus brigadalar tuzilib, ular zarur texnika, zaxira materiallari va himoya vositalari bilan ta’minlangan.











