Xo‘sh, qanday alomatlar toksik munosabatdan darak beradi?

1. Nazorat va cheklovlar – masalan telefon parollaringizni so‘rash, kim bilan uchrashishingiz, qayerga borishingizdan to kiyinish uslubingizgacha nazorat qilish — sevgi emas, bu ishonchsizlik va hukmronlik alomati.

2. Manipulyatsiya va ayblash: “Agar mendan ketsang, men o‘zimni o‘ldiraman”, “Hammasida sen aybdorsan”, “Mensiz hech kimsan” kabi iboralar orqali aybdorlik hissini yuklashi.

3. Emotsional zo‘ravonlik: doimiy haqoratlar, kamsitish, tahqirlash, sovuq munosabat yoki aksincha, sun’iy mehr bilan aldash.

5. Qo‘rquv hissi: uning yonida so‘zingizni ochiq ayta olmaslik, tanqid qilishdan qo‘rqish, javob reaksiyasidan xavfsirash — sevgida emas, qo‘rquvda yashashdir.

Toksik munosabatdan chiqish uchun avvalo inson o‘ziga ozodlik va xotirjamlik kerakligini tan olishi kerak. Birinchidan, bu munosabat sog‘lom emasligini anglash kerak. Muammolar faqatgina sizning “chidashingiz” bilan hal bo‘lmaydi. Bunday holatda yaqinlardan yordam so‘rash to‘g‘ri bo‘ladi. Oila a’zolari, ishonchli do‘stlar yoki mutaxassis (psixolog) bilan gaplashish — ichki qaroringizni mustahkamlaydi. To‘g‘ri, bundan chiqish oson emas, lekin to‘g‘ri reja asosida qilinsa uy-joy, ish, moliyaviy mustaqillik, bolalar tarbiyasi kabi jihatlar bo‘yicha aniq reja tuzish mumkin.

Esda tutish kerakki, agar siz toksik munosabatlarni tuzatmasangiz yoki to‘xtatmasangiz: ruhiy va jismoniy salomatlikni yo‘qotishingiz, jamiyatdan ajralib qolishingiz mumkin.

Chunki doimiy stress, xavotir, depressiya va o‘z-o‘zini ayblash holatlari, o‘z-o‘ziga ishonchni yo‘qotish, “men arzimayman” degan fikrning shakllanishi vaqt o‘tishi bilan uzoq muddatli psixologik kasalliklarga olib kelishi mumkin.

Doimiy asabiylashish tufayli yurak-qon tomir, oshqozon, immun tizimiga zarar yetadi.

Ijtimoiy hayotda esa do‘stlar va oila bilan aloqalar yo‘qoladi, chunki toksik sherik bunday aloqalarni cheklaydi. Moliyaviy bog‘liqlik va mustaqillik yo‘qoladi.

Eng yomoni bu holatlar farzandlar tarbiyasi va ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladi. Bolalar shunday muhitda o‘ssa, munosabatlarda zo‘ravonlikni “norma” deb qabul qilib ulg‘ayishi mumkin, ular ruhiy jarohat, qo‘rquv, o‘zini ifoda qila olmaydigan bo‘lib ulg‘ayadi.