Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Rustam Yusupov rahbarligidagi delegatsiya 16−22 sentabr kunlari Iordaniya poytaxti Amman shahrida xizmat safarida bo‘ldi, deya xabar berdi vazirlik axborot xizmati.

Muzokaralarda «Navoiyuran», O‘zbekiston texnologik metallar kombinati va Uzbek Overseas Geology Company vakillari ishtirok etgan.

Iordaniya Energetika va mineral resurslar vazirligi bilan muzokaralarda qo‘shma loyihalar, geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish va hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jordan Uranium Mining Company (JUMCO) kompaniyasi va «Navoiyuran» mutaxassislari uranga istiqbolli maydonlarni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

Iordaniyaning National Arab Mining Company (NAMC) kompaniyasi bilan mis, nodir metallar hamda sanoat uchun muhim bo‘lgan minerallar sohasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish maqsadida tegishli yo‘l xaritasi va memorandum imzolandi.

Ikki mamlakat vazirliklari va Iordaniyaning NAMC, JUMCO kompaniyalari ishtirokida qo‘shma ishchi guruh tuzildi. Shuningdek, uran, muhim va rangli metallarga oid istiqbolli maydonlar bo‘yicha birlamchi geologik ma’lumotlar olindi hamda ularni chuqur o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.