Kun.uz’ga Termiz shahrida joylashgan 21-maktab o‘qituvchisidan murojaat kelib tushdi. Unda pedagoglar konsert uchun bilet sotib olishga majburlanayotgani aytiladi.
Tahririyat ixtiyoriga yuborilgan dumaloq videoda maktab direktori 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi 15 ta bilet yuborgani, narxi 80 ming so‘mdan ekani, borishni istaganlar ixtiyoriy kelib to‘lov qilib olishi mumkinligi, qolgan biletlar esa xodimlar boshiga bo‘lib yuborilishi gapirilgan.
“Xohlovchilar kelib, to‘lov qilib olib ketasizlar, bo‘lmasa mana shu 15 ta biletni “obshiy” mana shu maktabdagi dars o‘tadigan ustozlarga bo‘lamiz. Masala, muammo, shikoyatlar bo‘lmasin. Kimda qanday masala bo‘lsa, o‘zimning oldimga kelsin”, – degan direktor.
Ayni maktabda ishlovchi pedagog bilet olish majburiy qilinayotganini bildirdi. “Olasizlar, majburiy deb aytyapti, men direktorman, olasan deb”, – deydi murojaatchi.











