Prezident islohotlarning ilk bosqichidayoq maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilganini ta’kidladi. Xususan, 2017 yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bog‘cha yo‘q edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshdi.
Bog‘chada tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilariga tenglashtirildi. Shu oydan bog‘cha mudiralari ham maktab direktori o‘rinbosari bilan bir xil oylik oladigan bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, bog‘chadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb 2 karra oshdi.
Shavkat Mirziyoyev yaqinda ta’lim sohasida e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hisobiga bog‘cha kirib bormagan birorta mahalla qolmasligi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmasligini ta’kidladi.
Shuningdek, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 10 ming tarbiyachi oliy ma’lumotli qilinishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, har bir viloyatda «Yangi avlod» bog‘chalari tashkil qilinib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi. Yangi metodikalarni o‘rganish uchun bu maskanlarning eshigi xususiy bog‘cha tarbiyachilariga ham doimo ochiq bo‘ladi.











