Anjumanda mas’ullar tomonidan ta’kidlanishicha, globallashuv va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi natijasida elektron to‘lovlar, masofaviy bank xizmatlari va raqamli platformalardan foydalanish tobora ortib bormoqda. Bu esa aholi uchun qulaylik yaratayotgani bilan birga, turli kiberhujumlar va firibgarlik usullarining ham kengayishiga zamin yaratmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, so‘nggi yillarda fishing, zararli dasturlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etiladigan firibgarlik holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa bank tizimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan tizimli yondashuv hamda yaqin hamkorlikni talab etmoqda.

Anjuman doirasida «Agrobank» ATB, Ichki ishlar vazirligi va «Kiberxavfsizlik markazi» DUK o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv kiberjinoyatlarni aniqlash, oldini olish va ularga tezkor chora ko‘rish, shuningdek bank mijozlarining shaxsiy ma’lumotlari hamda mablag‘larini himoya qilishga qaratilgan.

Shu bilan birga, tomonlar o‘zaro axborot almashinuvini kuchaytirish, kiberxavfsizlik sohasida profilaktik tadbirlar o‘tkazish hamda aholi o‘rtasida raqamli savodxonlikni oshirish bo‘yicha kelishib oldi.

Tadbir yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Mutasaddilar fikricha, kiberxavfsizlik faqat texnik sohaning emas, balki jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokini talab etuvchi dolzarb yo‘nalishdir.











