Odatda uch yoshdan boshlab bola atrof-muhitni o‘zi o‘rganishga qiziqib boshlaydi. Masalan, qaysi kiyimni kiyish yoki qanday o‘yinchoqni tanlash haqida qaror qabul qilish unga qiziq tuyuladi. Ilmiy izlanishlar shuni tasdiqlaydiki, kichik tanlov imkoniyati berilgan bolalar o‘z qarorlarining oqibatini tushunishni tezroq o‘rganadi. Bu esa kelajakda mas’uliyat hissini kuchaytiradi. Montessori pedagogikasi ham shu tamoyilni qo‘llab-quvvatlaydi: bola kattalar hayotiga asta-sekin, kichik qadamlar orqali jalb etilishi lozim.
Bolaning xato qilishga ruxsat berilishi ham mustaqil bo‘lishning bir qismi hisoblanadi. Masalan, tugmani noto‘g‘ri taqib qo‘ygan bola keyingi safar to‘g‘risini topishga urinadi. Psixologlar bu jarayonni tabiiy o‘rganish usuli sifatida ko‘rishadi. Haddan tashqari nazorat va hamma narsani ota-onalarning o‘zi bajarib qo‘yishi esa bolaning o‘ziga ishonchini pasaytiradi. Ortiqcha nazorat qilingan bola mustaqil emas, balki o‘z kuchiga shubha qiladigan shaxsga aylanadi.
Boshlang‘ich maktab davriga kelganda esa mustaqillik masalasi yanada murakkablashadi. Bola endi nafaqat oilada, balki sinfdoshlar va do‘stlar orasida ham o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi. Shu paytda unga kichik mas’uliyatli topshiriqlar berish foydali bo‘ladi. Masalan, uy hayvoniga qarash yoki kitob o‘qib, qisqacha gapirib berish bolaning o‘zini oilada muhim his etishiga yordam beradi. Ota-onalar ko‘pincha bolani tashqi dunyodan himoya qilish istagida uni ijtimoiy vaziyatlarga qo‘shmaydi. Aslida esa oddiy topshiriqlar bolaga muloqot qilishni, mustaqil qaror qabul qilishni o‘rgatadi. Bola do‘kondan non sotib olish, qo‘shniga yordam berish kabi kichik yumushlarni qilishi mumkin. Bu tajribalar bolaning o‘ziga ishonchini oshiradi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga yordam beradi.











