Prezidentning «Telekommunikatsiya sohasida tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etilgan bo‘lib, u operatorlar va provayderlar ko‘rsatayotgan xizmatlar sifatining belgilangan talablarga muvofiqligini monitoring qiladi.
Hujjat bilan telekommunikatsiya sohasini tartibga solish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan bo‘lib, unda quyidagilar belgilangan:
- agentlik faoliyatini tashkil etishning asoslari va tartibi;
- agentlikning asosiy vazifa va funksiyalari;
- agentlik faoliyati samaradorligini baholash tartibi va mezonlari;
- agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlariga mehnat haqi to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi.
Agentlikning asosiy vazifalari:
- telekommunikatsiya sohasidagi faoliyat va munosabatlarni tartibga solish;
- telekommunikatsiya sohasida yuridik shaxslar faoliyatiga litsenziya va ruxsat berish;
- telekommunikatsiya tarmoqlari va inshootlarini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ekspertiza qiluvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyalash;
- telekommunikatsiya xizmatlarining ayrim turlarini, shuningdek tarmoqlararo ulanishlar tariflarini tartibga solish;
- telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish tizimini rivojlantirish;
- global axborot tarmog‘ining milliy segmenti manzil fazosidan foydalanish tartibini ishlab chiqish, domen nomlari tizimini belgilash;
- telekommunikatsiya uskunalarini markirovkalash;
- universal xizmatlar ro‘yxati va ularning sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
- operatorlar va provayderlar uchun teng shart-sharoitlar ta’minlashga ko‘maklashish;
- erkin raqobat asosida telekommunikatsiya xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirishga ko‘maklashish va boshqalar.











