Qozog‘iston Davlat daromadlari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, «Tajyen» (O‘zbekiston Respublikasining «Dovut ota» chegara bojxona postiga tutash) chegara o‘tkazish punkti orqali jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati bo‘yicha joriy yil 1 fevral sanasidan kiritilgan cheklovlar 2025 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirildi.
Muddatning uzaytirilishi mazkur o‘tkazish punktlarida ikkinchi bosqich qurilish ishlari, xususan, ma’muriy binolarda kapital ta’mirlash hamda yo‘l qoplamalarida betonlash ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq.
Ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari «Tajyen» (Qozog‘iston) – «Dovut ota» (O‘zbekiston) chegara o‘tkazish punkti orqali harakatni amalga oshirishi mumkin.
Qo‘mita jismoniy shaxslar uchun «Qoraqalpog‘iston» temiryo‘l o‘tkazish punkti orqali «Nukus-Beyneu» yo‘nalishida qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilganini bildirdi.
Mazkur nazorat-o‘tkazish punktlari orqali harakatlanish postni rekonstruksiya qilish uchun 1 fevraldan uch oyga to‘xtatilgandi. Keyinroq jarayon 1 sentabrgacha uzayishi ma’lum qilingandi.











