Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 9-maktabda bir guruh o‘qituvchilar maktab ta’miri uchun majburan jalb etilganiga oid Kun.uz materialidan so‘ng viloyat hokimligi rasmiy izoh berdi.

Qayd etilishicha, holat viloyat hokimi Erkinjon Turdimov huzurida tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri, 9-maktab direktori va tahririyatga murojaat yo‘llagan matematika fani o‘qituvchisi bilan muhokama qilingan.

Maktab direktori ta’lim muassasasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tezkor tashkil etish maqsadida tashabbus ko‘rsatganini, jarayon o‘qituvchilar roziligi asosida hashar shaklida amalga oshirilganini aytgan.

Hokimlik xabariga ko‘ra, direktor maktabga yaqinda rahbar sifatida tayinlanganini, muassasada sog‘lom muhit to‘liq shakllanmaganini, guruhbozlik holatlari kuzatilayotganini va dars taqsimoti bo‘yicha murojaatchi tomonidan e’tirozlar bildirilganini bayon etgan.

Muhokama yakunida tuman hokimiga ta’lim muassasalarida yetarli nazorat o‘rnatmagani va zaruriy targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali olib bormagani uchun hayfsan berilgan.

Ish beruvchi tomonidan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiriga intizomiy jazo berilishi, 9-maktab direktorining egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Masala yuzasidan hozircha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yoki uning hududiy boshqarmasi rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.