Manzil haqida oldindan ma’lumot oling. Xorijga chiqishdan oldin sayohat qilmoqchi bo‘lgan davlatingiz haqida yetarlicha ma’lumot to‘plang:

Mahalliy urf-odatlar, kiyinish madaniyati va diniy e’tiqodlar;

Transport tizimi: metro, avtobus, taksi xizmati;

Kriminal holatlar ko‘p kuzatiladigan hududlar.

Ayrim davlatlarda ayrim harakatlar (jumladan, hayot tarzi, fotosuratga tushirish, hatto tupurish) uchun jinoiy javobgarlikka tortish holatlari bor. Shuning uchun har qanday “oddiy” harakat ham qoidabuzarlik hisoblanishi mumkinligini unutmang.

Hujjatlar xavfsizligi — eng muhim masala: pasport, viza, tibbiy sug‘urta kabi hujjatlaringizdan nusxa olib, telefoningiz va kloud-sahifangizda saqlang. Asl nusxalarni mehmonxonadagi seyfda qoldirish tavsiya etiladi, tashqariga esa fakat nusxasini olib chiqing.

Aloqani oldindan ta’minlang. Yaqinlaringiz bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘lish uchun mahalliy SIM-karta yoki xalqaro internet paketlarini safar boshidayoq faollashtiring. Google Maps, Google Translate kabi ilovalarni oflayn rejimda ishlaydigan shaklda yuklab oling.

Mehmonxonada xavfsizlikni tekshiring. Xonangizga joylashganingizdan so‘ng:

Eshik va deraza qulflarini sinchiklab ko‘rib chiqing;

Favqulodda chiqish eshiklari qayerda joylashganini aniqlang;

Chet elda yashirin videokamera o‘rnatilishi holatlari ham uchrab turadi — telefon fonari orqali ko‘zdan kechirishni odat qiling.

Moliyaviy xavfsizlik: pulni bo‘lib saqlang. Naqd pul va kartochkalaringizni bir joyda saqlamang. Bir qismini sumkada, boshqasini ichki cho‘ntakda, yana bir qismini mehmonxona seyfida saqlash tavsiya etiladi. Iloji boricha, kichik xaridlar uchun mahalliy valutada pul almashtiring va ommaviy joylarda katta summa ko‘rsatmang.

Tashqi ko‘rinishingiz ortiqcha e’tibor tortmasin. Qimmatbaho zeb-ziynat buyumlari, telefon, fotoapparat va planshetlarni ko‘z-ko‘z qilish nafaqat o‘g‘rilikka sabab bo‘lishi, balki sizni yo‘naltirilgan hujum obektiga aylantirishi mumkin. Minimalizm — eng yaxshi himoya.

Xavfsiz harakatlaning. Rasmiy taksi xizmatlaridan foydalaning (Uber, Bolt, Yandex.Taxi va boshqalar). To‘g‘ridan to‘g‘ri shahar transportida yurishni istasangiz, odam gavjum bo‘lgan marshrutlarni tanlang. Yolg‘iz holda kechasi yoritilmagan, notanish joylarda yurishdan saqlaning.

Shaxsiy xavfsizlik uchun dijital choralar. Telefonga lokatsiya ulash funksiyasini yoqing (yaqin insonlaringiz sizni kuzatib turishi uchun).

Til – xavfsizlik garovi. Hatto chet davlatda bo‘lganingizda ham, u yerdagi tildagi asosiy iboralarni bilish juda foydali: “Salom”, “Rahmat”, “Yordam kerak”, “Yo‘q”, “Pasportimni yo‘qotdim” kabi.

Agar tushunish qiyin bo‘lsa, telefondagi tarjima ilovalari orqali suhbatni yengillashtiring. Favqulodda holatga tayyor bo‘ling

Sayohat kilayotgan davlatdagi O‘zbekiston elchixonasi yoki konsulxonasi manzili va telefon raqamini yozib oling. Agar imkoniyat bo‘lsa, sayohat sug‘urtasi rasmiylashtiring — bu turli tibbiy va moliyaviy holatlarda juda asqatadi.

Sayohat bu — zavq, lekin u faqat ongli va ehtiyotkorona harakat qilingandagina xotirjam bo‘ladi. Avvaldan tayyorgarlik, xavfsizlik choralariga e’tibor va hushyorlik sizni istalmagan holatlardan asraydi.

Sayohat qilishni rejalashtiryapsizmi? Unda ushbu tavsiyalarni saqlab qo‘ying — kerak bo‘ladi.