Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar avtomobil va temiryo‘l tashuvlari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Gurjiston dengiz portlaridan foydalangan holda xalqaro multimodal transport yo‘laklarini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

"Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temiryo‘li qurilishi loyihasining ahamiyati va kelgusida mazkur temiryo‘lning xalqaro transport yo‘laklari tizimiga, jumladan, O‘rta yo‘lakka integratsiyalashuvini inobatga olib, gurji tomoniga ushbu loyihada ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Muloqot chog‘ida, shuningdek, ikki mamlakatning sayyohlik salohiyatini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va Gurjistonning sayyohlik shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish yuzasidan ham fikr almashildi.