Unda O‘zbekiston diplomatlari federal o‘lkadagi kasb-hunar ta’limi imkoniyatlari bilan tanishgani va tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazib, yoshlarni kasblarga o‘qitish, til o‘rgatish, qolaversa ikki mamlakat o‘rtasidagi migratsiya kelishuvini faol amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashgani ta’kidlangan.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston elchisi o‘z mamlakatini nafaqat iqtisodiy sohada, balki ta’lim va integratsiya yo‘nalishlarida ham ishonchli hamkor sifatida taqdim etdi. Diplomat O‘zbekiston maktablarida 400 mingdan ortiq o‘quvchi nemis tilini o‘rganayotganini, shu bois nemis tili mamlakatdagi muhim chet tillaridan biri hisoblanishini ma’lum qildi. "Uchrashuvlardan maqsad migratsiya kelishuvi doirasida kasbiy ta’limga o‘qitish va malakali ishchilarni Germaniyada mehnat faoliyatiga jalb qilish borasida hamkorlikni kengaytirish", – deya O‘zbekiston elchisining so‘zlaridan iqtibos keltirilgan manbada.

Maqolada ta’kidlanishicha, Savdo-sanoat palatasi prezidenti Teo Eylers ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik bugungi kunda mamlakatdagi dolzarb iqtisodiy masalalarga aniq yechimlar berishi mumkinligini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, agar o‘zbek yoshlari maktabdanoq nemis tilini o‘rganayotgan bo‘lsa, bu ularning Germaniya jamiyatiga integratsiyalashuvi uchun ham, malakali mutaxassislar yetishmovchiligi mavjud nemis kompaniyalari uchun ham katta afzalliklar beradi.

Shuningdek, maqolada Sharqiy Friziya va Papenburg Savdo-sanoat palatasi boshqaruvchi direktori Maks-Martin Deynxardning qo‘yidagi fikrlari keltirilgan: "O‘zbekiston bilan hamkorlik ikki tomonlama manfaatlidir. Bu bir tomondan federal o‘lkadagi korxonalarni malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga yordam bersa, boshqa tomondan o‘zbekistonlik yoshlarga Germaniyada sifatli ta’lim olish imkoniyatini beradi".

Bundan tashqari, nashrda O‘zbekiston delegatsiya Emden shahridagi 2-kasb-hunar maktabiga va Rolf Janssen GmbH kasb-hunarga o‘qitish korxonasiga tashrif buyurib, ushbu tashkilotlar faoliyati bilan tanishgani qayd etilgan.