Britaniya parlamenti hisob palatasiga Vestminster saroyining bir qismiga yangi kirish eshigini o‘rnatish fakti bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish so‘rovi yuborildi, deb xabar beradi Sky News.
So‘rov muallifi — parlament yuqori palatasi spikeri lord Jon Makfoll. U eshikni o‘rnatish qiymati nima uchun 60 foizga oshib ketgani va nima uchun 9,6 million funt sterling turadigan eshik yaxshi ishlamay, haftasiga qo‘shimcha, 2,5 ming funt xarajatni yuzaga keltirayotganini aniqlashni talab qilgan.
Eshik Vestminster saroyi binosining Lordlar palatasi a’zolari uchun mo‘ljallangan qismiga o‘rnatilgan. Avvaliga eshikni o‘rnatish qiymati 6,1 million funtni tashkil etgan, ammo oxir-oqibat uning narxi salkam 10 million funtga chiqib ketgan.
Eshik o‘rnatilganidan keyin u orqali odamlar binoga kirishi uchun ichkaridan kimdir ochish tugmasini bosib turishi kerakligi ma’lum bo‘lgan. Shu bois eshik oldida navbatchilik qilishi uchun qo‘riqchi joylashtirilgan — u binoga kiradigan Lordlar palatasi a’zolari uchun tugmani bosib turadi.
Lordlar palatasi komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv eshik bilan bog‘liq muammolar qaysi bosqichda — ishlab chiqarish, tashish yoki o‘rnatishda — yuzaga kelganini aniqlay olmagan. Lord Makfoll, shuningdek, hisob palatasidan eshik o‘rnatish loyihasida qarorlar qabul qilinishi sifati, shuningdek, ishlab chiqaruvchini tanlash, eshikning texnik xususiyatlari va shu kabi boshqa jihatlarni baholashni so‘ragan.











