Unga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablarni kimyo-muhandislik ta’lim yo‘nalishi asosida tamomlagan va “Yangi O‘zbekiston” universitetining Kimyo va materialshunoslik muhandisligi yo‘nalishiga qabul qilingan 10 nafar iqtidorli yoshning kontrakt to‘lovlari to‘liq “O‘zkimyosanoat” tomonidan qoplab beriladi va ushbu talabalar uchun ta’limni muvaffaqiyatli yakunlaganidan so‘ng sohaviy tashkilotlarda ish bilan ta’minlanish kafolatlanadi.
Loyihalar paketining yana bir muhim jihati — 10 nafar saralangan talaba dunyoning yetakchi oliygohlaridan biri — Pekin universitetida o‘quv kurslarida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi. Ular uchun barcha ta’lim va yashash xarajatlari “O‘zkimyosanoat” hisobidan qoplanadi.
Kimyo va materialshunoslik muhandisligi yo‘nalishidagi 2-4-bosqich talabalari kimyo sanoatining yetakchi korxonalarida maoshli ishlab chiqarish amaliyotidan o‘tadi. Bu orqali talabalar nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish imkoniga ega bo‘ladi.
Barqaror kimyo muhandisligi va materiallar yo‘nalishidagi magistratura talabalari uchun ham imkoniyatlar yaratildi. Xususan, 10 nafar magistrantning kontrakt to‘lovlari “O‘zkimyosanoat” hisobidan qoplanadi.
Shu bilan birga, kimyo sanoatidagi “Mega” ilmiy-tadqiqot loyihasi orqali talabalarning eng yaxshi ilmiy g‘oyalari moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi va amaliyotga tatbiq etiladi.
Ushbu tashabbuslar 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab amalga oshiriladi. Hozirda “Yangi O‘zbekiston” universitetiga onlayn arizalar qabuli davom etmoqda.
Reklama huquqi asosida










