Ota-ona qaramog‘isiz qolgan yana bir voyaga yetmagan qiz onasi bilan Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarildi, deya xabar bermoqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova idorasi.

Bolalar ombudsmaniga Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro N.G (ayol)ning murojaati kelib tushgan.

Unda ayol 2023 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan nevarasi D.R.ning otasi vaqtincha hibsxonada, onasi esa migratsiya markazida saqlanayotgani sababli qiz ota-ona qaramog‘isiz qolganini bildirgan. U hozirda Nijniy Novgorod shahar bolalar shifoxonasida ekanini aytib, nevarasini O‘zbekistonga qaytarilishida amaliy ko‘mak so‘ragan.

Bolalar ombudsmani, Ichki Ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Rossiyadagi Bosh konsulligi vakillari hamkorligida bolaning O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilib, hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, Bosh konsullik sa’i-harakatlari bilan bolaning onasi ham O‘zbekistonga farzandi bilan qaytishi uchun choralar ko‘rilgan.

16 may kuni qizcha onasi hamrohligida O‘zbekistonga olib kelingan va buvisining yashash manziliga yetkazilgan.