Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash qurbonlari soni 3 kishiga yetdi. Milliy telekanalida xabar berilishicha, shifoxonaga yotqizilgan yana bir kishi 9 may kuni vafot etgan.

«Holat 7 may kuni 15:06 atrofida Qo‘shtepa mahallasida joylashgan AYoQSh hovlisida sodir bo‘lgan. Hajmi 10 kub metr bo‘lgan 2 dona yoqilg‘i saqlovchi sig‘imda (solyarka) «ZIL» avtomashinasiga yoqilg‘i quyish vaqtida chaqnash yuz bergan.

Oqibatda jami 3 kishi vafot etgan. Ular shoxobcha rahbari, operatori va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan», deyiladi xabarda.

Viloyat IIB matbuot kotibi Hamidullo Sag‘dullayevning ma’lum qilishicha, hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.