2027 yil 1 yanvardan boshlab san’atkorlardan daromad solig‘i majburiy tartibda undirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
Mubin Mirzayevga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda san’atkorlardan soliq undirish mexanizmi ishlab chiqilmoqda.
“San’atkorlar, qo‘shiqchilar amaldagi tartib bo‘yicha deklaratsiya to‘ldirishi va o‘z daromadlarini ko‘rsatishi kerak. Shu asosda soliqqa tortilishi lozim. Juda ko‘p san’atkorlar bunga rioya qilmayapti, o‘z daromadlarini to‘liq deklaratsiyalamayapti. Shu sabab ulardan soliq undirilmayapti.
Hozir xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida qaror loyihasini tayyorlayapmiz. San’atkorlarga 2025 va 2026 yillarda daromadlar deklaratsiyasini to‘g‘rilab, topshirish bo‘yicha imkoniyat beriladi. Ya’ni kamchiliklari bo‘lsa, ko‘rsatib, to‘g‘rilashga yordamlashyapmiz. 2027 yil 1 yanvardan boshlab agar ular o‘z daromadlarini to‘liq ko‘rsatmasa yoki soliqlardan qochsa, biz soliq nazorati tekshiruvlari o‘tkazib, soliqlarni hisoblaymiz va undiramiz”, dedi qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari.
Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekistonda 18 mln nafardan ortiq jismoniy shaxslar daromadga ega va ularning barchasi soliq to‘lashi kerak. Bugungi kunda respublikada to‘lanmagan faol soliq qarzdorligi 8,5 trln so‘mga teng.
Oldinroq Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda 46 mlrd so‘m soliq to‘lashi kerakligi xabar qilingandi.










