“O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida nima uchun hozirgacha kichik AES loyihasining yakuniy narxi e’lon qilinmayotgani haqidagi savolga ham javob berdi.
Ahmadxo‘jayevning ta’kidlashicha, AES qurilishi Open Book konsepsiyasi asosida amalga oshirilmoqda, bu bosh pudratchi tomonidan uskunalarni ishlab chiqarish uchun sarflanadigan mablag‘larni monitoring qilish imkonini beradi.
Xitoy turbinalaridan foydalanish hisobiga loyiha xarajatlarini kamaytirishga erishilishi mumkin. Bunda Yevropa kompaniyalari litsenziyasi asosida ishlab chiqarilgan elektr jihozlari Xitoydan sotib olinadi, bu Yevropadan to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishdan ko‘ra arzonroq bo‘ladi.
“Bugungi kunda biz erishgan qiymat arzonlashuvi taxminan 300 mln dollarni tashkil etadi. Bu umumiy qiymatga nisbatan kichik summa emas”, dedi “O‘zatom” rahbari.
Ahmadxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, kichik AES qiymati 2 mlrd dollardan kam bo‘ladi.
“Bu – biz intilayotgan maqsadli ko‘rsatkich. Aniq raqam haqida gapirishni istamayman, chunki doimiy ravishda uning ustida ishlayapmiz”, – dedi u.
Agentlik direktori loyihani moliyalashtirish masalasiga alohida to‘xtalib, mablag‘lar asosan xorijdan jalb qilinishini aytib o‘tdi.
“Tizim qanday tashkil etilganini tushuntiray. Bu xalqaro miqyosdagi loyiha bo‘lgani sababli, aytaylik, ba’zi uskunalarni Xitoydan xarid qilamiz. Bunda Xitoydan imtiyozli shartlarda mablag‘ jalb qilamiz. Shuningdek, ushbu loyihaga qiziqish bildirib, mablag‘ kiritishga tayyor, ammo stansiya egalari qatoriga kirmaydigan investitsiya kompaniyalari ham bor. Ular foyda oluvchilar hisoblanadi. Umuman olganda, sxema juda murakkab. Aslida davlat budjeti ham hisobga olingan, ammo juda oz miqdorda. Asosan chet el mablag‘lari jalb qilinadi. Turli manbalardan mablag‘ to‘playmiz, ya’ni qandaydir pullar, kreditlar izlab topamiz”, – dedi Axmadxo‘jayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, loyihada Rossiya kreditlaridan foydalanish rejalashtirilmagan.
“Geosiyosiy jarayonlarni hisobga olgan holda Rossiya pullarini ko‘rib chiqmayapmiz. Shu sababli biz loyihani samarali amalga oshirish va unga o‘z vaqtida sarmoya kiritish imkonini beradigan moliyaviy guruh shakllantiryapmiz. U yerda haqiqatan ham juda murakkab moliyaviy sxema mavjud. Budjetdan kamroq foydalanishni va tashqi qarz hisobiga minimal yuklamani yaratishni xohlayapmiz. Davlat kafolatlaridan foydalanish reja qilingan”, – dedi “O‘zatom” rahbari.












