Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ)ning yangi prezidenti Kirsti Koventri Sky News telekanaliga bergan intervyusida harbiy mojarolar tufayli mamlakatlarning Olimpiya o‘yinlaridan chetlashtirilishiga qarshi ekanini aytdi.

Bir kun avval XOQning 144-sessiyasida suzish bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni Koventri tashkilotning yangi prezidenti etib saylandi. 41 yoshli zimbabvelik lavozimiga 24 iyun kuni kirishadi.

«Men bunga qarshiman, lekin har bir vaziyatni alohida ko‘rib chiqish kerak deb o‘ylayman. Men mojarolarga duch kelganimizda qaror qabul qilishda foydalanishimiz mumkin bo‘lgan qoidalar va ko‘rsatmalarni ishlab chiqishga harakat qiladigan ishchi guruh yaratmoqchiman», dedi Koventri.

Uning ta’kidlashicha, Afrikada ham dahshatli mojarolar mavjud va bu muammo hal qilinmayapti.

Koventrining ta’kidlashicha, XOQning mas’uliyati Olimpiya o‘yinlari paytida sportchilar xavfsizligini ta’minlash, ularni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashdir. «Demak, yaxshi muvozanat bor. Ammo oxir-oqibat, menimcha, bizning harakatimiz barcha sportchilarning vakili bo‘lishdan iboratdir», deya qo‘shimcha qildi u.