Daryo nashrining xabar berishicha, farmoyishda viloyat hokimi birinchi o‘rinbosarining 2025 yil 14 yanvardagi bildirishnomasi hamda viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025 yil 14 yanvardagi xati inobatga olinib, viloyat budjetining 2025 yil boshida shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘z faoliyatlarida erishayotgan muvaffaqiyatlari, o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni vijdonan, sifatli va o‘z vaqtida bajarayotganliklari uchun mukofotlash belgilangan. Buning uchun jami 661 mln 250 ming so‘m ajratilgan.
Jumladan, viloyat hokimining 7 nafar o‘rinbosarini rag‘batlantirish uchun 201 mln 250 ming, viloyat hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘ini rag‘batlantirish uchun 28 mln 750 ming so‘m, shuningdek, Termiz shahar va tumanlar hokimlarini rag‘batlantirish uchun esa 431 mln 250 ming so‘m ajratilgan.
Ulug‘bek Qosimovning mazkur farmoyishi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng hokimlik axborot xizmati ushbu hujjat bekor qilinganini ma’lum qildi.
«Ijtimoiy tarmoqlar orqali Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosarlari hamda shahar va tumanlar hokimlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida qabul qilingan 2025 yil 20 yanvardagi 12−8−0-F/25-sonli farmoyishi yuzasidan turli postlar e’lon qilindi. Mazkur farmoyish qayta ko‘rib chiqilib, bekor qilindi», deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, mablag‘lar «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturiga yo‘naltirilishi belgilangan.











