Regulyator xabarida qayd etilishicha, gap 2018 yil sentabrda yuz bergan holat to‘g‘risida ketmoqda. O‘shanda hakerlar hujumi natijasida Facebookʼning 29 millionga yaqin foydalanuvchisining, jumladan, Yevropa Ittifoqidagi 3 million foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketgan.

Yevropa Ittifoqining 27 davlati bo‘ylab o‘rnatilgan qat’iy maxfiylik rejimiga ko‘ra, Irlandiya regulyatori Meta’ning maxfiylik siyosatini tartibga soluvchi asosiy organ hisoblanadi, chunki kompaniyaning mintaqaviy shtab-kvartirasi Dublinda joylashgan.

Kompaniya chiqarilgan jarima qarori yuzasidan apellyatsiya kiritishini ma’lum qildi. «Ushbu qaror 2018 yilgi voqeaga bog‘liq. Biz muammo aniqlangan zahoti uni bartaraf etish choralarini ko‘rganmiz», — deyiladi kompaniya xabarida.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oxirlarida Irlandiyaning ma’lumotlar himoya qilish komissiyasi foydalanuvchilarga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy ravishda qayta ishlagan LinkedIn ijtimoiy tarmog‘ini 310 million yevro miqdorida jarimaga tortgandi.