Seriallar, multfilmlar, filmlar va qo‘shiqlar «ma’naviy ekspertizadan» o‘tkaziladi. Bu haqda Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov telegram-kanalida joylashtirilgan videodan ma’lum bo‘lmoqda.

Qayd qilinishicha, mutaxassislar O‘zbekiston va xorijda ishlab chiqarilgan ommaviy axborot vositalarining davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlarga muvofiqligini o‘rganadi. Shuningdek, insoniy fazilatlarga zid axloqsizlik va odobsizlik targ‘ibotining mavjudligi ham tekshiriladi.

Mutaxassislar media-mahsulotlarning yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga ta’sirini baholaydi. Bundan tashqari, yoshlar tarbiyasiga, milliy urf-odatlarga putur yetkazuvchi media mahsulotlari tarqalishining oldini olish choralarini ko‘radi.

Bunday media mahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga taklif kiritiladi.

Videoda mavzuga doir boshqa ma’lumotlar keltirilmagan.