Xitoyning Zhengzhou Hongyi Transportation logistika kompaniyasi Shenchjyendan Toshkentga avtomobilda yuk tashish xizmatlarini yo‘lga qo‘ydi, deb xabar beradi IRU. 

Kuni kecha elektronika ortilgan yuk mashinasi Xitoyning Shenchjyen shahridan chiqib, Qirg‘iziston hududi orqali Toshkentga yetib keldi. 

6,5 ming kilometr uzunlikdagi marshrut bo‘yicha yo‘l vaqti deyarli uch baravarga - 20 kundan 7 kungacha qisqardi. 
 
IRU yangi marshrutning ochilishi Shenchjyen va Toshkent o‘rtasidagi savdo hajmini oshirishi, shuningdek, chegara tartib-qoidalarini yanada osonlashtirishi hamda yo‘l vaqti va logistika xarajatlarini kamaytirishini alohida ta’kidladi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston kompaniyalari Xitoy bozoriga avtotashuvlar bo‘yicha muqobil yo‘nalishlarini o‘rganmoqda. Shu tariqa, yaqinda O‘zbekistondan uchta yuk mashinasi Qozog‘iston orqali Xitoy janubidagi Foshan shahriga tranzit yo‘l bilan yetib keldi.