Vazirlar Mahkamasining «Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ijtimoiy foydali dasturlar va loyihalar amalga oshirilishida ijtimoiy sheriklik hamda xalqaro hamkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Har bir respublika ijro etuvchi hokimiyat organi:
2023 yil 15 oktyabrga qadar hamda 2024 yildan boshlab har yili 1 yanvarga qadar NNTlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha mas’ul etib belgilangan rahbar o‘rinbosari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (F.I.Sh., lavozimi, telefon raqami, elektron pochta manzili) Adliya vazirligiga taqdim etib borishi;
yil davomida erishilishi zarur bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar)ning ishlab chiqilishida NNTlari bilan hamkorlik qilish samaradorligi ko‘rsatkichlarini nazarda tutishi shart.
Adliya vazirligiga 2024 yil 1 yanvarga qadar portalda NNTlari va keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan quyidagi ma’lumotlarni joylashtirish imkoniyatini yaratish topshirildi:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining NNTlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha mas’ul etib belgilangan rahbar o‘rinbosarlari haqida ma’lumotlar;
NNTning tashqi manbalardan moliyalashtirilgan loyihalarini amalga oshirish natijasi to‘g‘risida ma’lumotlar;
NNTlari uchun e’lon qilingan xalqaro grant tanlovlari haqida ma’lumotlar;
O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar va ularning ixtisoslashtirilgan muassasalari ro‘yxati.
Hujjat bilan nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tashqi manbalardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish hamda tashqi manbalardan moliyalashtiriladigan loyihalarni O‘zbekiston hududida amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizom quyidagilarni nazarda tutiladi:
tashqi manbalardan pul mablag‘lari va mol-mulk olish tartib-taomili;
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan arizani ko‘rib chiqish tartibi;
tashqi manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni O‘zbekiston hududida amalga oshirish tartibi.










