Dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq tibbiy jurnal yadroviy qurolni taqiqlashga chaqirdi. «Xavf katta va tobora kuchayib bormoqda. Yadroviy davlatlar bizni yo‘q qilishdan oldin o‘zlarining yadro arsenallarini yo‘q qilishi kerak», deyiladi 3 avgust, payshanba kuni 11 ta yetakchi tibbiy jurnallar, jumladan, British Medical Journal, The Lancet va Journal oft he American Medical Association qo‘shma bayonotida. 

Murojaat mualliflari butun dunyo shifokorlarini fuqarolar va siyosatchilarni «yadro qurolining aholi salomatligi uchun katta xavfi» haqida ogohlantirishga chaqirdi. Hujjat Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda yadro qurolidan foydalanish haqidagi tahdidlari va Shimoliy Koreyada davom etayotgan raketa sinovlari fonida ommaga e’lon qilindi. 

Butunjahon tibbiy muharrirlar assotsiatsiyasi (WAME) eksklyuziv kontent uchun odatda bir-biri bilan raqobatlashadigan nashrlar ushbu qo‘shma murojaat uchun birlashganini e’tiborga molik deb atadi. «Bu hozirgi yadroviy inqirozning o‘ta og‘irligini ta’kidlaydi», deb hisoblaydi WAME. 

Maqolada ta’kidlanishicha, dunyo bo‘ylab 13 mingta yadro kallagidan atigi 250 tasi qo‘llanadigan urush natijasida 120 million kishi halok bo‘ladi va global iqlim buzilishi sodir bo‘ladi, bu esa yadroviy ocharchilik va yana ikki milliard odamning o‘limiga olib keladi. 

Maqola 1970 yilda kuchga kirgan Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha konferensiya tashkil etish qo‘mitasining Venadagi yig‘ilishi oldidan chop etilgan.