G20 moliya vazirlari Hindiston g‘arbidagi Gandinagarda bo‘lib o‘tgan ikki kunlik uchrashuv yakunlari bo‘yicha yakuniy deklaratsiya masalasida kelisha olmadi. Buning o‘rniga uchrashuv tashkilotchisi Hindiston, avvalgidek, maslahatlashuvlar xulosalarini tayyorlaydi va e’lon qiladi, dedi Hindiston moliya vaziri Nirmala Sitharaman 18 iyul, seshanba kuni.
«Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush masalasida haligacha umumiy til topa olmadik», dedi u. Rossiya va Xitoy qo‘shma deklaratsiyada harbiy harakatlarni qoralashdan bosh tortdi. Sitharamanning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda G20 davlatlarining bir qator vakillari Rossiya Ukrainaning Qora dengiz portlaridan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuvni uzaytirishdan bosh tortganini qoralagan.
Hindiston Ukrainadagi urush bo‘yicha neytral pozitsiyani egallaydi, u g‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilmagan va g‘arb davlatlari bilan ham, Rossiya bilan ham yaxshi munosabatda.











