Loyiha nodavlat tashkilotlari tomonidan tashqi manbalardan pul mablag‘i olish hamda grant loyihalarini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish va soddalashtirishni nazarda tutadi.

Loyiha bilan Hukumatning 2 ta qarori bitta hujjatga birlashtirilmoqda. Loyiha quyidagi talablarni bekor qilishni ko‘zda tutadi:

  • nodavlat tashkilotlarining grant loyihasini amalga oshirish yuzasidan Tashqi ishlar vazirligining xulosasini olish;
  • grant loyihasini amalga oshirishga biriktirilgan milliy hamkor tomonidan loyihaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda uning muddatini belgilash yuzasidan takliflar va tavsiyalar berish;
  • qiymati BHMning 2 000 baravarigacha bo‘lgan grant loyihasi “yo‘l xaritasi”ni milliy hamkor bilan birgalikda tasdiqlash;
  • qiymati BHMning 2 000 baravari va undan yuqori bo‘lgan grant loyihasi “yo‘l xaritasi”ni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishish;
  • grant loyihasi “yo‘l xaritasi” ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazish, grant loyihasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qarorlarni Adliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishish;
  • grant loyihasi “yo‘l xaritasi” ijrosi yakuni bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotni Adliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • Adliya vazirligi tomonidan milliy hamkordan “yo‘l xaritalari”ning ijrosi bo‘yicha joriy va yakuniy ma’lumotni so‘rab olish;
  • davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida imzolanadigan memorandumlar loyihalarini Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligiga ko‘rib chiqish uchun kiritish.

Loyihada quyidagi yangi qoidalar mustahkamlab qo‘yilmoqda:

  • birinchidan, pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish talab etilmaydigan holatlar ro‘yxatini kengaytirish;
  • ikkinchidan, davlat organlarini faqat umumiy qiymati BHMning 1 000 baravari (330 mln. so‘m) va undan yuqori bo‘lgan loyihalarga biriktirish;
  • uchinchidan, nodavlat tashkilotlari tomonidan xalqaro grant loyihalarini amalga oshirish yakunlari bo‘yicha loyiha natijasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni www.e-ngo.uz portaliga joylashtirish;
  • to‘rtinchidan, nodavlat tashkilotining grant loyihasida hamkor sifatida ishtirok etuvchi davlat tashkilotini o‘zgartirish tartibini aniq belgilash.