O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov o‘ziga 1,5 million dollarlik uy sovg‘a qilingani haqida xabarlarni yolg‘on, deb atadi.

“Bu yolg‘on xabar! Shunday bo‘lsa-da, qaynotamga yuborib qo‘ydim”, – deya kulgan smayl bilan post qoldirdi agentlik rahbari o‘z Twitter-sahifasida.

Telegram'dagi kanallardan birida tarqatilgan xabarda Akmal Burhonovga qaynotasi 1,5 mln dollarlik dang‘illama hovli sovg‘a qilgani, yer ostki qismi 2 qavat, yer ustki qismi 2 qavat bo‘lgan uyda 3 nafar xizmat borligi iddao qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Akmal Burhonovga berilgan sovg‘alar haqida ma’lumot bergandi. O‘zbekiston uchun noodatiy yangilik bo‘lgan bunday axborotda Burhonovga agentlik rahbari etib tayinlanganidan to 2023 yilgacha umumiy qiymati 14,6 mln so‘m bo‘lgan 8 ta sovg‘a berilgani qayd etilgandi.