O‘zbekistonda 11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni ishlanmaydigan bayram kunlari toifasiga kiritilishi kutilyapti. Tegishli qonun bugun, 2 may kuni Qonunchilik palatasi yalpi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilindi (xabar yangilandi).
Qonun bilan, Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha kiritiladi. Hozirda bu moddada 9 ta ishlanmaydigan bayram kunlari sanab o‘tilgan:
- 1 yanvar – Yangi yil;
- 8 mart – Xotin-qizlar kuni;
- 21 mart – Navro‘z bayrami;
- 9 may – Xotira va qadrlash kuni;
- 1 sentabr – Mustaqillik kuni;
- 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
- 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
- Ramazon hayitining birinchi kuni;
- Qurbon hayitining birinchi kuni;
Bu ro‘yxatga 11 noyabr – Kasaba uyushmalari kunini ham qo‘shish taklif etilyapti.
Deputatlarning aytishicha, hozirda kasaba uyushmalari tizimi 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarni o‘z ichiga oladi. Sohada 6 700 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar xizmat qilyapti. Umuman, O‘zbekiston kasaba uyushmalari o‘z safida 5,5 milliondan ziyod xodimlarni birlashtirgan eng yirik jamoat tashkiloti hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni 2020 yil 24 noyabrda belgilangan edi.
2021 yil 11 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga tabrik yo‘llab, 11 noyabrni mehnatkashlar bayrami, umumxalq bayrami sifatida dam olish kuni deb e’lon qilishni taklif qilgandi.











