Bishkekda Ukraina yoki Rossiyani qo‘llab-quvvatlab mitinglar o‘tkazish taqiqlandi. Bu haqda 24.kg axborot agentligi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Pervomaysk, Leninsk, Sverdlovsk va Oktyabrsk rayon sudlari rayonlar meriyalarining Rossiya-Ukraina qurolli nizosi masalasida barcha turdagi yig‘ilishlar, mitinglar va aksiyalar o‘tkazishni vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risidagi qarorini qonuniy deb topgan. 

Qarorga ko‘ra, 1 apreldan 1 iyulga qadar bunday tadbirlar o‘tkazish taqiqlanadi.  

Bishkek shahar IIB barcha fuqarolar va poytaxt mehmonlarini sud organlari qarorlarini buzmaslikka chaqirgan.  

Shu bilan birga, xabar qilinishicha, 2 aprel kuni Bishkekdagi Maksim Gorkiy nomidagi xiyobonda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan aksiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.