Ma'lum bo‘lishicha, departamentning To‘rtko‘l tuman bo‘limi va DXX tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda fuqaro U.S. firibgarlik yo‘li bilan noqonuniy daromad orttirish maqsadida, fuqaro S.ga tanishlari orqali do‘kon qurishi uchun yer maydoni olib berishni va'da qilib, unga tuman hududidan “Eko bozor” qurilishi uchun 75 kv. metr yer maydoni ajratilganligi haqidagi tuman hokimining soxta farmoyishini taqdim qilib, evaziga 7 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28, 211-moddasi (pora berish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan oldin Xo‘jayli tumanida MChJ nomidagi 1 mlrd so‘mlik mulklarni sobiq rahbarlar sotib yuborgani aniqlangandi.











