Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi bo‘yicha muzokara jarayoni hozirgi holati hamda bu boradagi hamkorlik doirasida navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Syanchen Chjan joriy yil avgust oyida yangi lavozimni egallaganidan beri tashrif buyurgan birinchi mamlakat O‘zbekiston ekanini ta'kidladi.
O‘zbekiston hukumati savdo-sotiqni erkinlashtirish, JST bitimlari tamoyillari va qoidalari asosida tashqi savdoni isloh qilish tizimlarini modernizatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish, shuningdek, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bo‘yicha jahonning eng yaxshi amaliyotlarini joriy etishga oid sa'y-harakatlarni davom ettirishga sodiq ekani ta'kidlandi.
Tomonlar joriy yil oxirigacha O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh 5-yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikning amaliy masalalarini muhokama qildi. Tashkilot rahbariyati ushbu tadbirni o‘tkazishda va O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi jarayonida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. Zarur hujjatlarni tayyorlashda JST kotibiyati va uning xalqaro ekspertlari tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan texnik yordamni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.











