OFK kalendariga muvofiq, 8-16-noyabr kunlari Osiyoda milliy jamoalar uchun FIFA kunlari bo‘lib o‘tadi.
O‘FA xabariga binoan, O‘zbekiston milliy jamoasi ushbu muddat mobaynida dastlab Toshkentda, keyinchalik esa Gruziya poytaxti Tbilisida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi.
«Ushbu yig‘in davomida vakillarimiz Gruziya milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Mazkur bahs 15 noyabr kuni soat 19:00da Tbilisi shahridagi «Boris Paichadze» stadionida bo‘lib o‘tadi», - deyiladi O‘FA xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Srechko Katanets shogirdlari oktabr oyida Iordaniyada o‘tgan yig‘in doirasidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida dastlab Malayziyani 5:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Iordaniyaga 0:3 hisobida yutqazgandi.











