Uning so‘zlariga ko‘ra, bu savolga bir nechta javob bor.

«Aholi orasida niqoblar taqilmay qo‘yilgani — bu infeksiyaning odamdan odamga yuqish uchun juda qulay sharoit, ya'ni hozir kunlar issiq, havo quruq, virusning havoda harakatlanishiga to‘sqinlik yo‘q va u bemalol insonlarning yuz va qo‘l terisiga yoki ko‘z shilliq qavatiga tushadi. Burundan nafas olamiz — havodagi virus burun shilliq qavatiga yoki tomoqqa kiradi hamda hujayra ichiga tushib, kasallik chaqirishga imkoniyat qidiradi.

Qo‘llarni sovunlab yuvmay qo‘ydik, antiseptiklardan foydalanmay qo‘ydik — bu esa qo‘l terisiga tushgan virusning tozalanmasligiga, qo‘llar ko‘z, burun yo og‘izga tekkizilganda virus organizmga tushishiga zamin yaratadi. Natijada, bu kasallik chaqirishni yanada kuchaytiradi.

Ijtimoiy masofani saqlamay qo‘ydik — juda ko‘p to‘y-hashamlar, tug‘ilgan kunlar va odamlar to‘planishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar tadbirlarni ko‘paytirib yubormoqdamiz. Bu kabi ko‘ngilochar tadbirlarda:

  • bir oila a'zolaridan tashqari bir necha oilalar va odamlar soni 30dan ortib ketmoqda;
  • tadbirlar yopiq joylarda, umumiy sig‘imdan 50 foizdan ortiq odamlar ishtiroki kuzatilmoqda, ya'ni agar 100 kishilik to‘yxonada tadbir bo‘lsa, talab bo‘yicha 50 kishidan ortmasligi kerak, lekin bugungi kunda to‘y-hashamlarda 100-150 nafardan odam ishtirok etmoqda;
  • bunday ko‘ngilochar tadbirlarga hech kim oldindan PZR-testini topshirmaydi va kelayotgan mehmonlardan test natijasi so‘ralmaydi;
  • kelayotgan mehmonlarning tana harorati o‘lchanmaydi;
  • niqoblar taqilmaydi va antiseptiklar bilan qo‘llarga ishlov berilmaydi.

Axir biz to‘y-hashamlarga ko‘ngil ochish uchun boramiz, unda ovqatlanish kerak, insonlar ko‘ngil ochmoqchi bo‘lgandan keyin uzoq davom etuvchi suhbatlar va muloqotlar bo‘ladi. Bularning hammasi — koronavirus tarqalishiga katta zamin yaratmoqda», dedi shtab a'zosi.