Janubiy Afrika Respublikasida 37 yoshli Goziame Tamara Sitxole bittada 10 egiz farzandni dunyoga keltirdi. Bungacha ayolning egizak farzandi bo‘lgan.

Ayolga Pretoriya shifoxonalaridan birida kesarcha qilingan.  

Ta'kidlanishicha, ayol ko‘zi yoriganda homiladorlikning 7-oy 7-kunida bo‘lgan.

Ayol va turmush o‘rtog‘ining ta'kidlashicha, homiladorlik tabiiy yo‘l bilan yuz bergan. Dastlab ayolga ultratovush tekshiruvida 6 farzand, keyinroq esa 8 farzand kutayotgani aytilgan. Biroq jarrohlik amaliyoti ayol 10 nafar farzand kutayotganini ko‘rsatgan.

Ayolning turmush o‘rtog‘i shifokorlarga ishonmagan va bunday homiladorlikni tibbiyot nuqtayi nazaridan imkonsiz deb hisoblagan. Biroq u bir onda ko‘p farzandli otaga aylangandan keyin hayratga tushgan.

Ta'kidlanishicha, bu borada avvalgi rekord malilik ayol tomonidan bir oy oldin o‘rnatilgan bo‘lib, u 9 egiz farzandni dunyoga keltirgan.